
Milanda bo‘lib o‘tgan UEFA Chempionlar ligasining 7-turi doirasida «Arsenal» «Inter»ni 1:3 hisobida mag‘lub etdi. Londonliklar ushbu g‘alaba orqali pley-off bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish sari dadil qadam tashladi.
Uchrashuv yuqori tempda boshlanib, 10-daqiqadayoq hisob ochildi. Timberning uzatmasidan so‘ng Gabriel Jezus «Arsenal»ni oldinga olib chiqdi. Mezbonlar 18-daqiqada yosh iqtidor Petar Suchichning goli evaziga muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Biroq birinchi bo‘limning 31-daqiqada Leandro Trossardning pasi evaziga Jezus dubl qayd etib, mehmonlarning ustunligini ta’minladi.

Ikkinchi bo‘lim keskin kurashlar va qo‘polliklarga boy bo‘ldi. Hakam «Inter»dan Alessandro Bastoni va Franchesko Acherbini, «Arsenal»dan esa Mikel Merino va Deklan Raysni sariq kartochka bilan ogohlantirdi. O‘yinning 84-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Viktor Dyokeresh uchinchi golni urib, uchrashuv taqdirini uzil-kesil hal qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» safarda «Bryugge» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.