
Andijonning Contact Finance mikromoliya tashkiloti navbatdagi korporativ obligatsiyalarini chiqaradi. Mazkur emissiya Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, yangi emissiya doirasida 100 ming dona obligatsiya joylashtiriladi. Har bir obligatsiyaning nominal qiymati 100 ming so‘mni tashkil etadi. Umumiy emissiya hajmi 10 mlrd so‘mga teng.
Obligatsiyalar bo‘yicha yillik foiz stavkasi 25% etib belgilangan. Kupon to‘lovlari har 30 kunda amalga oshiriladi. Qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lish muddati 1 080 kunni (36 oy) tashkil etadi. Joylashtirish ochiq obuna orqali amalga oshiriladi.
Savdolar 2026-yil 4-fevraldan «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da boshlanadi. Obligatsiyalar to‘liq ta’minlangan bo‘lib, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha majburiyatlar sug‘urta polisi bilan kafolatlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha fond bozoriga 400 mln dollarlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi haqida xabar berilgandi. Prezident farmoniga muvofiq, 2030-yilgacha kapital bozorini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, fond bozoriga $1 mlrd miqdorida qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish, shu hisobdan qariyb $400 mln (5 trillion so‘m) miqdorida korporativ obligatsiyalar chiqarish rejalashtirilgan.