Banklar va moliya

Endi bir kunda faqat bitta bankdan onlayn kredit olish mumkin

Onlayn kreditlar va moliyaviy xizmatlar bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
Endi bir kunda faqat bitta bankdan onlayn kredit olish mumkin
Endi bir kunda faqat bitta bankdan onlayn kredit olish mumkin / Foto: depositphotos

Endilikda fuqaro bir kun davomida faqat bitta bank yoki kredit tashkilotidan onlayn kredit olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birga davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan yangi nizomda keltirilgan.

Unga ko‘ra, onlayn kredit olish uchun ariza berilganda, kredit tashkiloti avvalo foydalanuvchi ma’lumotlarini kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri orqali tekshiradi.

Agar foydalanuvchi ma’lumotlari reyestrda aniqlanmasa, onlayn kredit berish jarayoni davom ettiriladi. Bir vaqtning o‘zida bir JShShIR bo‘yicha bir nechta kredit tashkiloti so‘rov yuborsa, kredit byurosi faqat birinchi bo‘lib kelgan so‘rovga javob beradi.

Agar birinchi so‘rov yuborgan kredit tashkiloti ushbu JShShIR bo‘yicha onlayn kredit rasmiylashtirilganini ma’lum qilsa, kredit byurolari 24 soat davomida boshqa kredit tashkilotlaridan keladigan so‘rovlarni qabul qilmaydi.

Firibgarlik holati bo‘yicha tezkor aloqa raqami

Yangi nizom bilan onlayn moliyaviy xizmatlar xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yangi talablar ham joriy etildi. Endi bank kartasining orqa tomonida mijozlar firibgarlik holatlari yuzasidan tezkor murojaat qilishi uchun 24 soat ishlaydigan aloqa raqami ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, bank kartasi rasmiylashtirilganda yoki boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilganda tuziladigan shartnomalar va ommaviy ofertalarda firibgarlik belgilari aniqlanganda foydalanuvchini xabardor qilish tartibi aniq belgilanishi shart.

Foydalanuvchi qurilmasi yo‘qolganini yoki unga begona shaxslar tomonidan nazorat o‘rnatilganini bilgan zahoti, kechiktirmasdan, biroq bir kundan kech bo‘lmagan muddatda bank yoki to‘lov tashkilotini xabardor qilishi lozim. Shuningdek, foydalanuvchi o‘z roziligisiz amalga oshirilgan operatsiyani aniqlaganidan so‘ng bir kun ichida bu haqda tegishli tashkilotga ma’lum qilishi talab etiladi.

Agar foydalanuvchi SMS-xabarnoma xizmatiga ulangan telefon raqamini o‘zgartirsa, kredit yoki to‘lov tashkiloti eski raqamga xizmat o‘chirilgani va yangi raqamga xizmat ulanganligi haqida SMS orqali xabar beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq onlayn kredit olishda firibgarlikka uchraganlardan kreditni undirish to‘xatilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, kredit tashkiloti frod holati natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan fuqaroga, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga asosan jabrlanuvchi deb e’tirof etilganda, mazkur onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undan undirishni to‘xtatadi.