
Yandex kompaniyasi GWM Connection xizmatlari faollashtirilgan Haval, Tank va Wey avtomobillarini «Alisa» ekotizimi orqali boshqarish imkoniyati yaratdi. Bu haqda Yandex rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, foydalanuvchilar «Stansiyalar», «TV Stansiyalar» va «Alisa bilan uy» ilovasi orqali dvigatelni ishga tushirish, o‘rindiqlarni isitishni yoqish, yoqilg‘i zaxirasi yoki batareya quvvati darajasi haqida ma’lumot olishlari mumkin. Ovozli buyruqlar yordamida avtomobilni safarga oldindan tayyorlash, jumladan, iqlim nazoratini faollashtirsa bo‘ladi.
Shuningdek, «Alisa» eshiklar holati haqida ma’lumot beradi va so‘rov bo‘yicha ularni masofadan turib qulflaydi. Tasodifiy ishga tushishlarning oldini olish uchun tizim faqat tanish ovozlarni tanib oladi hamda PIN-kod kiritishni talab qiladi.
Kelgusida foydalanuvchilar avtomobil ishtirokida aqlli uy ssenariylarini yaratishlari, masalan, bitta ovozli buyruq bilan dvigatelni ishga tushirib, uy chiroqlarini o‘chirishlari mumkin bo‘ladi.
Mazkur imkoniyat ishlab chiqarish jarayonidayoq avtomobillarga o‘rnatiladigan «Yandex Avto» platformasining bir qismi bo‘lib, u «Xaritalar», «Musiqa» va «Kitoblar» kabi Yandex xizmatlaridan foydalanish ham mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex «Alisa» va aqlli qurilmalar uchun yangilanishni taqdim etgan edi.