
Xitoyning Geely brendi yangi Geely Galaxy V900 modelini rasman bozorga chiqardi. Bu haqda ITHome xabar berdi.
Avtomobilni birinchi bo‘lib olgan 3 ming nafar mijozga 10 gramm sof oltin bonus sifatida taqdim etiladi. Galaxy V900 uchta komplektatsiyada taklif etiladi. Modelning rasmiy narxlari $43,6 mingdan $52,1 minggacha etib belgilangan. Biroq ilk xaridorlar uchun maxsus chegirma amal qiladi va dastlabki narxlar $38,0 mingdan $46,5 minggacha tushirilgan.

Minivenning o‘lchamlari 5360 × 1998 × 1920 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 3200 mmni tashkil etadi. Avtomobil 27 ta turli datchikdan iborat Qianli Haohan H5 ilg‘or haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. Unga yuqori aniqlikdagi lidar, uchta millimetrli radar, 11 ta HD kamera va 12 ta ultratovushli sensor kiradi. Hisoblash platformasi sifatida Nvidia Orin chipi ishlatiladi. Xavfsizlik uchun jami 11 ta xavfsizlik yostiqchasi o‘rnatilgan bo‘lib, ularning orasida hajmi 224 litr bo‘lgan, uzunligi 3,1 metrli yon pardalar ham bor.

Salon minimalistik uslubda yaratilgan. Raqamli asboblar paneli 10,25 dyuymli ekran bilan jihozlangan. Multimedia tizimi 15,4 dyuymli displeyga ega. Shuningdek, 19,8 dyuymli proyeksion displey ham mavjud. Tizim Flyme Auto 2 platformasida ishlaydi va Snapdragon 8295P chipiga asoslangan. Avtomobilda 9,2 dyuymli raqamli orqa ko‘rish oynasi va 27 karnaydan iborat Flyme Sound audio tizimi o‘rnatilgan.
Orqa qatordagi yo‘lovchilar uchun 17,3 dyuymli ekran, shuningdek, turli funksiyalarni boshqarish uchun 6 dyuymli alohida displey taqdim etilgan. Salon bo‘ylab faol sovitish funksiyasiga ega bo‘lgan to‘rtta simsiz zaryadlovchi qurilma mavjud. Cloud-Sensing SPA texnologiyasiga ega o‘rindiqlar isitish, shamollatish, xotira va massaj funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 9,1 litrli sovutgich ham bor. Salon ichida jami 42 ta saqlash bo‘limi mavjud. Bagaj hajmi esa 1000 litrdan oshadi.

Galaxy V900 1,5 litrli benzin dvigateli va ikki elektromotordan iborat gibrid tizim bilan jihozlangan. Umumiy quvvat 462 ot kuchini tashkil etadi. Batareya sig‘imi 43,3 yoki 50 kVt·soat bo‘lib, faqat elektr rejimida 220 yoki 260 km masofani bosib o‘tish mumkin. Umumiy yurish zaxirasi esa 1180–1220 kmgacha yetadi. Avtomobil pnevmatik osma bilan ta’minlangan bo‘lib, klirensni 65 mm diapazonda sozlash imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy Cruiser Yevropa bozoriga chiqishi haqida yozgan edi.