Sport

Husanov to‘liq o‘ynagan bahsda «Manchester Siti» 1:3 hisobda mag‘lub bo‘ldi

Foto: UEFA

Yevropa Chempionlar ligasining 7-turida kutilmagan natija qayd etildi. «Manchester Siti» safarda Norvegiyaning «Budyo-Glimt» klubiga yirik hisobda imkoniyatni boy berdi.

Mazkur uchrashuvda «Siti» safida harakat qilayotgan hamyurtimiz Abduqodir Husanov o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, final hushtagiga qadar to‘liq maydonda harakat qildi. Pep Gvardiola shogirdlari ushbu mag‘lubiyat sababli muhim ochkolarni yo‘qotdi.

Birinchi taymning 22-daqiqasida mezbonlar hujumchisi Kasper Hyog hisobni ochdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib yana Hyog dublni rasmiylashtirdi. Ikkinchi taymning 58-daqiqasida «Budyo-Glimt» uchinchi golini kiritdi. Hauge uzoq masofadan chiroyli gol kiritdi.

Uchrashuvning 60-daqiqasida Sherki hisobni qisqartirdi, biroq oradan ikki daqiqa o‘tib Pep Gvardiola shogirdlari maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. Rodri ikkinchi sariq kartochkadan keyin maydondan chetlatildi. Yakuniy hisob – 3:1.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov bilan «Manchester Siti» «Ekseter Siti»ni yirik hisobda mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.