Ispaniyada yana bir poyezd halokati, 2025-yilda o‘lim jazosini ijro etish soni oshdi — 21-yanvarda e’lon qilingan muhim yangiliklar

Netflix Warner Bros. Discovery’ni sotib oladi, Xitoy va Markaziy Osiyoning savdo aylanmasi 100 milliard dollardan oshdi — 21-yanvarda e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti Kursiv Uzbekistan materialida.
Toshkentda 40 yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtomobil aniqlandi

Toshkent shahrida 40 yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtomobil aniqlandi. Bu haqda UzA ma’lum qildi. 2026-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida «Ekologik transport» tizimi joriy etiladi. Yangi tizimga muvofiq, ekologik talablarga javob bermaydigan avtotransport vositalarining harakati bosqichma-bosqich cheklanadi.
Rasmiy o‘rganishlar davomida poytaxt hududida ishlab chiqarilganiga 40 yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtotransport vositasi mavjudligi aniqlangan. Ushbu avtomobillar tezlashtirilgan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ekologik holatiga qarab «yashil», «sariq» va «qizil» stikerlar bilan markalanadi. Stikerlar harakatni cheklash yoki ruxsat berishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ispaniyada poyezd ustiga devor qulab tushdi: mashinist halok bo‘ldi

Ispaniyaning Barselona shahri yaqinidagi Jelida hududida mudhish temiryo‘l halokati yuz berdi. Harakatlanayotgan shahar atrofida qatnovchi poyezd ustiga himoya devori qulab tushishi oqibatida poyezd mashinisti voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xabariga ko‘ra, hodisa Barselonadan taxminan 40 km g‘arbda sodir bo‘lgan. Kuchli bo‘ron sababli katta beton devor aynan poyezd o‘tib ketayotgan vaqtda temiryo‘l iziga qulagan. Asosiy zarba tarkibning birinchi vagoniga to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekiston 2050-yilga borib urbanizatsiya bo‘yicha Qozog‘istonni ortda qoldiradi

2050-yilga borib O‘zbekiston urbanizatsiya bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchiga aylanadi va Qozog‘istonni ortda qoldiradi. Bu haqda BMTning 2025-yil yakunlari yuzasidan e’lon qilgan hisobotida keltirilgan.
So‘nggi 75 yil ichida global urbanizatsiya darajasi sezilarli darajada oshdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 20-asrning o‘rtalarida dunyo aholisining atigi 20 foizi yirik shaharlarda yashagan, kichik va o‘rta shaharlar va qishloq joylari esa 40 foizni tashkil etgan. 2025-yilga kelib, yirik shaharlarda yashovchi aholining ulushi 44,8 foizgacha oshgan va 2050-yilga borib 48,3 foizgacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
GM rahbari o‘zgardi

Janubiy Amerika General Motors (GM) rahbari lavozimiga Tomas Ovsiyanskini tayinlandi. Bu haqda GMAutority ma’lum qilindi. Yangi tayinlov avvalgi mintaqaviy rahbar Santyago Chamorro kompaniyadagi 32 yillik faoliyatidan so‘ng lavozimini tark etganidan ikki oy o‘tib amalga oshirildi. Tomas Ovsiyanski 1-fevraldan boshlab General Motors’ning Janubiy Amerikadagi faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Netflix Warner Bros. Discovery’ni sotib olish uchun 82,7 milliard dollar to‘lashga tayyor

Netflix kompaniyasi Warner Bros. Discovery mediaxoldingini sotib olish bo‘yicha kelishuv shartlarini qayta ko‘rib chiqdi. Endilikda kompaniya avvalgi aralash to‘lov usulidan voz kechib, butun summani naqd pul ko‘rinishida to‘lash majburiyatini olmoqda.
Yangi kelishuvga ko‘ra, Netflix xarid uchun jami $82,7 mlrd sarflaydi va bu mablag‘ to‘liq pul o‘tkazmalari orqali qoplanadi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq striming servisi summaning 84 foizini pul, qolgan 16 foizini esa o‘z aksiyalari hisobidan to‘lashni taklif qilgan edi.
Xitoy va Markaziy Osiyoning savdo aylanmasi 100 milliard dollardan oshdi

Xitoy va Markaziy Osiyoning besh mamlakati 2025-yilga kelib savdo aylanmasini $100 milliarddan oshirib, yangi tarixiy rekord o‘rnatdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Guo Szyakun 19-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Savdo hajmining bunday ko‘rinishi birinchi marta $100 milliardlik chegaradan oshib, $106,3 milliardga yetdi, bu 2024-yildagiga nisbatan 12 foizga ko‘p va ketma-ket besh yil davomida ijobiy o‘sishni saqlab qoldi.
«Hayvonlar shahri 2» animatsion filmlar orasida yangi rekord o‘rnatdi

Disney studiyasining «Hayvonlar shahri 2» multfilmi jahon prokatida $1,7 milliard daromad yig‘ib, Gollivud tarixidagi eng daromadli animatsion filmga aylandi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi. Shu tariqa loyiha avvalgi yetakchi – «Boshqotirma 2» ($1,69 milliard) natijasini ortda qoldirdi. Film yuqori ko‘rsatkichlar hisobiga barcha davrlarning eng ko‘p daromad keltirgan filmlari reytingida to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarildi. Multfilm Shimoliy Amerikada $390 million, xalqaro bozorlarda esa $1,31 milliard daromad keltirdi.
Ferrari yagona nusxadagi 12Cilindri modelini taqdim qildi

Italiyaning Ferrari kompaniyasi o‘zining Tailor Made dasturi doirasida maxsus buyurtma asosida tayyorlangan eksklyuziv 12Cilindri modelini namoyish qildi. Avtomobilning eng diqqatga sazovor jihati uning Yoonseul deb nomlangan noyob bo‘yog‘idir. U yorug‘lik tushish burchagiga qarab yashil, ko‘k va binafsha ranglarda tovlanadi. Dizaynerlar ushbu rangni yaratishda Seul shahrining tungi neon chiroqlari va koreys seladon kulolchiligidan ilhomlangan.
Pensiyani onlayn tarzda naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushdi

Pensiya jamg‘armasi my.gov.uz – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiyani naqd pul shakliga o‘tkazish bo‘yicha onlayn xizmatni ishga tushirdi. Bu haqda jamg‘armaning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Yangi xizmat orqali pensiya oluvchilar endi tuman yoki shahar pensiya bo‘limlariga borib, ariza topshirishiga hojat qolmaydi. Barcha jarayon masofadan turib, elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu esa yoshi katta fuqarolar hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sezilarli darajada qulaylik yaratadi.
2025-yilda o‘lim jazosini ijro etish soni oshdi — BMT

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi 2025-yilda qatl etishlar soni keskin oshganini qayd etdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda 2025-yilda kamida 1500 kishi qatl etilgan. Barcha qatllarning kamida 47 foizi giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun amalga oshirilgan. Saudiya Arabistonida kamida 356 kishi qatl etilgan, bu 2024-yilda o‘rnatilgan avvalgi rekorddan oshib ketdi.
2022-yilning oxirida bunday jazolar qayta tiklanganidan so‘ng qatllarning 70 – 80 foizi narkotik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun bo‘lgan. BMTga ko‘ra, bolalikda sodir etilgan jinoyatlar uchun kamida ikki mahbus qatl etilgan, bu esa bolalar huquqlari borasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqaradi.