Avto

Kia 800 km masofaga yuradigan yangi elektromobil ustida ishlamoqda — foto

Kia
Yangi EV8 Kia’ning halo-car konsepsiyasi doirasida yaratilmoqda
Foto: Kia

Kia kompaniyasi yangi avlod flagman elektr sedani – Kia EV8 nomi ostida ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Bike-ev nashri xabar berdi.

Foto: Kia

2027-yilda bozorga chiqishi kutilayotgan model 603 ot kuchiga teng quvvat, 700 – 800 km gacha yurish zaxirasi va kengaytirilgan reallikka asoslangan futuristik salon bilan brend tarixidagi eng texnologik elektromobil bo‘lishi mumkin.

Foto: Kia

Yangi EV8 Kia’ning halo-car konsepsiyasi doirasida yaratilmoqda. Ya’ni model nafaqat sotuv, balki kompaniyaning dizayn va texnologik salohiyatini namoyish etishga xizmat qiladi. Elektromobil 2025-yil oxirida taqdim etilgan Vision Meta Turismo konseptiga asoslangan bo‘lib, past profilli kuzov, futuristik siluet va aerodinamik shakllarga ega bo‘ladi. Model benzinli Kia Stinger’ning to‘liq elektr vorisi sifatida qaralmoqda.

Foto: Kia

Texnik jihatdan EV8 uch xil konfiguratsiyada taklif etilishi rejalashtirilgan. Asosiy versiya orqa o‘qqa o‘rnatilgan bitta elektromotor bilan 215 ot kuchi ishlab chiqaradi. O‘rta darajadagi to‘liq tortuvchi variant 429 ot kuchiga ega bo‘ladi. Eng yuqori sport versiya esa ikki elektromotor hisobiga 603 ot kuchigacha quvvat beradi. Barcha modifikatsiyalar 113,2 kVt·soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi.

Foto: Kia

Kia ma’lumotlariga ko‘ra, aynan aerodinamik kuzov tufayli eng kuchli versiya ham bir zaryad bilan 700 – 800 km masofani bosib o‘ta oladi. Bu ko‘rsatkich EV8’ni Tesla Model S va Mercedes-Benz EQS kabi premium elektromobillar bilan bir qatorda raqobatbardosh qiladi.

Salon dizayni an’anaviy panel va ko‘plab ekranlardan voz kechib, kengaytirilgan reallik texnologiyasiga tayangan. Navigatsiya, tezlik va boshqa muhim ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri old oynaga aks ettiriladi. Shuningdek, Speedster, Dreamer va Gamer kabi raqamli rejimlar orqali interyer muhiti haydovchi kayfiyatiga mos ravishda o‘zgaradi. Ayrim versiyalarda futuristik yoki samolyot shturvali uslubidagi rul ham qo‘llanilishi mumkin.

Narx masalasida Kia EV8 Yevropa bozorida taxminan 51 ming yevrodan boshlanishi kutilmoqda. Bu uni ko‘plab premium brendlar elektromobillaridan arzonroq, ammo texnologik jihatdan juda raqobatbardosh modelga aylantiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kia Niro 2027 avtomobili namoyish etilgani haqida yozgandi.