Avto

Kia Niro 2027 avtomobili namoyish etildi

Ishlab chiqaruvchi modelning ilk rasmiy suratlarini e’lon qilgan
Kia Niro 2027 avtomobili namoyish etildi
Foto: Kia

Janubiy Koreyaning Kia kompaniyasi Kia Niro 2027 modelining yangilangan versiyasini rasman namoyish qildi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, ishlab chiqaruvchi modelning ilk rasmiy suratlarini e’lon qildi, biroq texnik xususiyatlar hozircha oshkor etilmagan. Yangilangan Kia Niro tashqi ko‘rinishda old qismi bilan yangi Kia Sportage modelini eslatadi. Shu bilan birga, dizayn arzonroq segmentga moslashtirilgan. Kuzovning yon qismi va eshik panellari deyarli o‘zgarmagan, ammo orqa qism sezilarli darajada qayta ishlangan. Krossover yangi bagaj eshigiga ega bo‘ldi. Davlat raqami endi orqa bamperga ko‘chirilgan. Bundan tashqari, model yangi 18 dyuymli g‘ildirak disklarini oldi.

Foto: Kia

Salon ham yangilangan. Old panelning yuqori qismi qayta ishlanib, ikki dona birlashtirilgan 12,3 dyuymli raqamli ekran bilan jihozlandi. Ulardan biri asboblar paneli, ikkinchisi multimedia tizimi vazifasini bajaradi. Ushbu yechim Kia’ning zamonaviy elektromobillari va yangilangan Sportage’da ham qo‘llanilgan. Shuningdek, Niro yangi ikki spikali rulga ega bo‘ldi.

Foto: Kia

Texnik jihatlarga oid rasmiy ma’lumotlar hozircha yo‘q. Kia barcha tafsilotlarni mart oyida e’lon qilishni rejalashtirgan. Hozirgi avlod Niro model qatoriga 1,6 litrli dvigatel asosidagi 139 ot kuchiga ega gibrid tizim, 180 ot kuchli ulanadigan gibrid va 201 ot kuchiga ega to‘liq elektr versiya kiradi. Yangilangan Niro’da ushbu agregatlar saqlab qolinadimi yoki o‘zgartiriladimi, bu rasmiy premyeraga yaqin ma’lum bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Kia Seltos 2026 avtomobilining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.