Namanganda hokim yordamchisi pora ustida qo‘lga tushdi

Namangan viloyati Pop tumanida hokim yordamchisi va Davlat kadastrlar palatasi xodimining noqonuniy harakatlari aniqlandi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Birinchi holatda, tuman hokimi yordamchisi 1988-yilda tug‘ilgan fuqaroga 49 yil muddatga dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan 30 sotix yer maydonini o‘zining mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirishga uringan. Shuningdek, u yerning 6 sotix qismida qurilgan uy-joy uchun tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga $2 ming talab qilgan.
Hokim yordamchisi oldindan $1 mingni o‘zining 1990-yilda tug‘ilgan tanishi orqali olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Shu asosida ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ikkinchi holatda esa Davlat kadastrlar palatasi Pop tuman filiali xodimi davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydoni va unda qurilgan uy-joyni o‘zining mansabdor tanishlari orqali shaxsiy mulk sifatida fuqaro nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan. Buning evaziga u $900 va 4,8 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Shaxsga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtdagi hokimlik mansabdori pora bilan qo‘lga tushgan edi.