Yangiliklar

Namanganda hokim yordamchisi pora ustida qo‘lga tushdi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Nurafshonda hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi
Namanganda hokim yordamchisi pora ustida qo‘lga tushdi / Foto: ochiq manba

Namangan viloyatining Pop tumanida hokim yordamchisi va Davlat kadastrlar palatasi xodimining noqonuniy harakatlari aniqlandi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.

Birinchi holatda tuman hokimi yordamchisi 1988-yilda tug‘ilgan fuqaroga 49 yil muddatga dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan 30 sotix yer maydonini o‘zining mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirishga uringan. Shuningdek, u yerning 6 sotix qismida qurilgan uy-joy uchun tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga $2 ming talab qilgan.

Hokim yordamchisi oldindan $1 mingni o‘zining 1990-yilda tug‘ilgan tanishi orqali olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Shu asosida ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ikkinchi holatda esa Davlat kadastrlar palatasi Pop tuman filiali xodimi davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydoni va unda qurilgan uy-joyni o‘zining mansabdor tanishlari orqali shaxsiy mulk sifatida fuqaro nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan. Buning evaziga u $900 va 4,8 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Shaxsga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtdagi hokimlik mansabdori pora bilan qo‘lga tushgan edi.