Yangiliklar

Onlayn kredit olishda firibgarlikka uchraganlardan kreditni undirish to‘xatiladi

Mobil ilovalarda onlayn firibgarlikka qarshi talablar kuchaytirildi
Kredit kartalardagi foiz va komissiyalar bo‘yicha Markaziy bankka so‘rov yuborildi
Foto: depositphotos

Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, kredit tashkiloti frod holati natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan fuqaroga, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga asosan jabrlanuvchi deb e’tirof etilganda, mazkur onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undan undirishni to‘xtatadi. Kredit tashkiloti onlayn kredit ajratishda frod holatini sodir etgan shaxsdan yetkazilgan moddiy zararni regress tartibida undirishi, frod holatiga shubha qilganda qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.

Surishtiruv, dastlabki tergov natijalari yoki sudning qaroriga asosan, frod holati yuz bermaganligi aniqlanganda kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undirishni davom ettiradi.

Shu bilan birga, mobil ilovalarda onlayn firibgarlikka qarshi talablar kuchaytirildi. Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat ushbu shaxs yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvarag‘i, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishi hamda ushbu akkaunt orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin. Foydalanuvchining telefon raqami va JShShIR mos kelishi tekshiriladi hamda moslik aniqlanmaganda mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazish va bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Firibgarlikka qarshi talablar kuchaytirildi

Kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan o‘tkazishda hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart, ya’ni rasm orqali identifikatsiya qilish mumkin bo‘lmaydi. Telefonga yuborilgan 1 martalik SMS xabar 3 marotaba noto‘g‘ri kiritilganda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi. Mobil ilovadagi akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki uning parolini qayta tiklashda ushbu akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.

Bundan tashqari, ushbu qurilmada bank kartalari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chirib yuboriladi. Bunda, bank kartalarini biriktirish biometrik identifikatsiyadan o‘tkazilgan holda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-yanvar kunidan boshlab O‘zbekiston bank tizimida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan qarz oluvchilarning kreditlarini tasniflashning yangi tartibi kuchga kiradi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 438 mingdan ortiq kishi o‘ziga kredit olishni taqiqlagani haqida yozgandi.