Onlayn kredit olishda shaxsning hayotiylik faktorlari chuqur tekshiriladi

Avvalroq onlayn kredit olishda firibgarlikka uchraganlardan kreditni undirish to‘xtatilishi haqida yozgan edik. Markaziy bank onlayn tarzda o‘tkazilgan matbuot anjumanida yangi nizom bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, bundan buyon telefonga keladigan bir martalik tasdiqlovchi kodlarda faqat raqamlar emas, lotin imlosidagi harflar ham bo‘ladi. Kodning amal qilish muddati 59 soniyadan oshmaydi, kod 3 martadan ko‘p noto‘g‘ri kiritilganda foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqaga cheklanadi.
Biometrik identifikatsiyadan o‘tkazish jarayonida hayotiylik faktorlari, misol uchun shaxsning yuz ifodasi va boshqa harakatlar chuqur tekshiriladi. Shuningdek, P2P (ya’ni bir kishidan boshqa odamga) o‘tkazmalari OTP kod bilan amalga oshirilishi majburiy qilib belgilandi. Turli veb-saytlar orqali P2P o‘tkazmalarini bajarishga bo‘lgan imkoniyatlar cheklanadi.
Nizomga ko‘ra, mobil ilovada har foydalanuvchiga imkoniyat sifatida active session qismi shakllantiriladi. Uning qulayligi shundan iboratki, foydalanuvchi o‘z akkauntiga yana kim kirganini ko‘ra oladi va kirgan shaxsni chiqarib yuborish imkoniyatiga ega.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ko’plab iste’molchilar bank ilovasidagi SMS xabarnoma funksiyasini o‘chirib qo‘ygani, sababi 2024-yil 1-apreldan bu xizmat narxi 3 barobarga qimmatlaganini ta’kidladi. U har bir kelgan SMS uchun pul olinayotganini aytdi. Bakirov Markaziy bank rasmiylariga kiruvchi SMSlar uchun haq olinmasligi borasida biron-bir uyali aloqa kompaniyalari bilan ish olib borilgan yoki borilmaganini so‘radi. Ammo uning savoli javobsiz qoldi.
Ma’lumot uchun, nizom qoidalari 2026-yil 21-apreldan kuchga kiradi.
Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birga davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan yangi nizomga binoan, shuningdek, endilikda fuqaro bir kun davomida faqat bitta bank yoki kredit tashkilotidan onlayn kredit olishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda endi sun’iy intellekt yordamida shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilangani haqida yozgandi.