
Bill Geyts jamg‘armasi va OpenAI Afrika davlatlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash maqsadida $50 mln ajratadi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Horizon1000 deb nomlangan loyiha dastlab Ruanda bilan hamkorlikda ishlashni boshlaydi va texnologiyadan eng samarali foydalanish yo‘llarini aniqlashni maqsad qilgan. Loyiha 2028-yilga qadar bir nechta mamlakatlarda 1 mingta birlamchi sog‘liqni saqlash klinikasi va ularning atrofidagi jamoalarga yetib borishni rejalashtirmoqda.
Loyiha ayniqsa homilador ayollar va OIV bemorlariga xizmat sifatini oshirishga qaratiladi. Ularga klinikaga kelishdan oldin maslahat berish va kelganida hujjatlarni kamaytirish, bemor tarixini samarali bog‘lash orqali yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, sun’iy intellekt tibbiy xodimlar yukini kamaytirish va sifatli tibbiy xizmatlarga kirishni kengaytirishda muhim vosita sifatida ishlatiladi.
Geytsning ta’kidlashicha, SI texnologiyasi kambag‘al mamlakatlarda ham boy mamlakatlardagidek tez tatbiq etilib, sog‘liqni saqlash sohasida inqilobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, Ruanda allaqachon Kigalida SI sog‘liqni saqlash markazini tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ChatGPT’da sog‘liq bo‘yicha yangi bo‘lim beta rejimida ishga tushgan edi.