O‘zbekistonda qor, kuchli shamol va sovuq ob-havo kutilmoqda

22–24-yanvar kunlari O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keladi. Bu haqda O‘zgidromet ogohlantirdi.
Unga ko‘ra, ertaga va 23-yanvar kuni kechasi va ertalab O‘zbekiston bo‘yicha asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak kuzatiladi. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 22–23-yanvar kunlari qor yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 22-25 m/s gacha kuchayishi mumkin. 22–24-yanvar kunlari harorat kechalari 3-8 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 3 daraja sovuq – 2 daraja iliqqacha, shimolda kechalari 12-15 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 2-5 daraja sovuqqacha pasayadi.
Avvalroq «Kursiv» 21 – 26-yanvar kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining o‘zgarishlari sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi mavjudligi haqida yozgandi.