«O‘zsanoatqurilishbank» va «Ipoteka-bank» aksiyalari savdosi vaqtincha to‘xtatildi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da «O‘zsanoatqurilishbank» ATB va «Ipoteka-bank» ATIBning oddiy aksiyalari bilan savdolar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda birja rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 6-yanvardan 19-yanvargacha bo‘lgan 10 ish kuni davomida birjaning Main Board savdo maydonchasida «O‘zsanoatqurilishbank»ning oddiy aksiyalari narxi 146,28 foizga, «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari esa 132,38 foizga oshgan.
Narxlarning keskin o‘sishi sabablarini har tomonlama o‘rganish va tahlil qilish maqsadida, Qimmatli qog‘ozlar savdosi qoidalarining 1687-bandiga asosan, 2026-yil 21-yanvardan boshlab har ikki bankning oddiy aksiyalari bilan savdolar vaqtincha to‘xtatildi.
Eslatib o‘tamiz, birjada 30-dekabrdan 9-yanvargacha bo‘lgan davrda «O‘zsanoatqurilishbank»ning oddiy aksiyalari 75,48 foizga, 9-yanvardan 16-yanvargacha bo‘lgan davrda «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari 82,39 foizga qimmatlashgandi. Shuningdek, mazkur davrda UCI fond indeksi 3,43 oshdi.