Pensiyani onlayn tarzda naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushdi

Pensiya jamg‘armasi my.gov.uz — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiyani naqd pul shakliga o‘tkazish bo‘yicha onlayn xizmatni ishga tushirdi. Bu haqda jamg‘armaning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Yangi xizmat orqali pensiya oluvchilar endi tuman yoki shahar pensiya bo‘limlariga borib, ariza topshirishiga hojat qolmaydi. Barcha jarayon masofadan turib, elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu esa yoshi katta fuqarolar hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sezilarli darajada qulaylik yaratadi.
Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi. Pensiyani naqd shaklga o‘tkazish uchun fuqaro my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishi yoki mavjud akkaunti orqali tizimga kirishi, so‘ngra tegishli xizmatni tanlab, elektron ariza yuborishi kifoya. Ariza topshirilgach, belgilangan tartibda pensiya to‘lov shakli o‘zgartiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan uydan chiqmasdan pensiya miqdorini qanday bilish mumkinligi haqida yozgandi.