Avto

Toshkentda 40 yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtomobil aniqlandi

2026-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida “Ekologik transport” tizimi joriy etiladi
Toshkentda 40 yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtomobil aniqlandi
Foto: TASS / Fototahrir: Kursiv Uzbekistan

Toshkent shahrida 40 yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtomobil aniqlandi. Bu haqda UzA ma’lum qildi.

2026-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida «Ekologik transport» tizimi joriy etiladi. Yangi tizimga muvofiq, ekologik talablarga javob bermaydigan avtotransport vositalarining harakati bosqichma-bosqich cheklanadi.

Rasmiy o‘rganishlar davomida poytaxt hududida ishlab chiqarilganiga 40 yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtotransport vositasi mavjudligi aniqlangan. Ushbu avtomobillar tezlashtirilgan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ekologik holatiga qarab «yashil», «sariq» va «qizil» stikerlar bilan markalanadi. Stikerlar harakatni cheklash yoki ruxsat berishda asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham muhokama qilingan edi. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 40–50 yil bo‘lgan avtomobillarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarishni taklif qilgandi.

Deputatning aytishicha, Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek viloyat markazlarida «Yevro–5» va undan past ekologik standartga ega eski avtomobillarni cheklash rejalashtirilmoqda. Ushbu tashabbuslar prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilingan.

Qodirov 40–50 yillik avtomobillarni muomaladan chiqarishni to‘g‘ri qaror deb baholagan. U hatto bunday cheklovlarni 25–30 yillik avtomobillarga ham tatbiq etish mumkinligini bildirgan. Biroq bunday holatda fuqarolar uchun avtomobilni yangilashga qulay moliyaviy va ijtimoiy shart-sharoitlar yaratilishi zarurligi ta’kidlangan.