
Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichining 7-turi doirasida «Tottenxem» o‘z maydonida «Borussiya Dortmund» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinning 14-daqiqasida «Tottenxem»ning yosh vingeri Vilson Odober oshirgan to‘pni himoyachi Kristian Romero darvozaga joylab, hisobni ochdi. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, 24-daqiqada «Dortmund» yarim himoyachisi Daniel Svensson qo‘pol o‘yini sababli to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi va maydonni erta tark etdi. Bu holat nemis klubini qiyin ahvolga solib qo‘ydi.

Son jihatdan ustunlikka erishgan «shporlar» 37-daqiqada yana Odoberning faolligi evaziga ikkinchi golni urdi. Bu safar uning uzatmasidan so‘ng Dominik Solanke imkoniyatdan unumli foydalandi. O‘yinning qolgan qismida bir kishi kam bo‘lib harakat qilgan «Borussiya Dortmund» vaziyatni o‘nglay olmadi va «Tottenxem» muhim bo‘lgan uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Tottenhem» «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etib, Yevropa Ligasida g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.