
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an qabulida bo‘ldi. Bu haqda o‘zining rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Qabulda Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomlari yetkazildi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar izchil va ijobiy sur’atlarda rivojlanayotgani qayd etildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay siyosiy va institutsional sharoitlar shakllanib borayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, «4+4» mexanizmi doirasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv hukumatlar va turli idoralar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik tobora chuqurlashib borayotganining navbatdagi tasdig‘i ekani bildirildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Belgiya va Italiyaning yangi elchilari O‘zbekistonda faoliyatini boshlagani haqida yozgandi.