Avto

Volkswagen Lavida 2026 narxi keskin arzonlashdi

Aksiya doirasida avtomobilni 83,8 ming yuan, ya’ni taxminan $11,8 mingga xarid qilish mumkin
Foto: Volkswagen

Volkswagen kompaniyasi Xitoy bozorida Volkswagen Lavida sedanining 2026-yilgi versiyasini sotuvga chiqardi. Yangi model yangilangan opsiyalar to‘plami bilan birga nihoyatda past narxda taklif qilinmoqda. Aksiya doirasida avtomobilni 83,8 ming yuan, ya’ni taxminan $11,8 mingga xarid qilish mumkin.

Tashqi ko‘rinishda sedan deyarli o‘zgarmagan. Avtomobil uzunligi 4678 mm bo‘lib, o‘lchamlari jihatidan Volkswagen Jetta’ga juda yaqin. Salonida 8 dyuymli raqamli asboblar paneli va 12 dyuymli multimedia ekrani o‘rnatilgan. Yuqori komplektatsiyalarda ikkinchi darajali haydovchiga yordam tizimlari, jumladan, adaptiv kruiz-nazorat va harakat yo‘nalishini ushlab turish funksiyasi mavjud. Shuningdek, o‘rindiqlar isitish va elektr sozlash imkoniyatiga ega.

Foto: Volkswagen

Texnik qismda ikki xil dvigatel taklif etiladi. Birinchi variant 1,5 litrli atmosferali motor bo‘lib, 110 ot kuchi ishlab chiqaradi va 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan juftlashtirilgan. Ikkinchi variant esa 1,5 TSI turbomotor bo‘lib, 160 ot kuchiga ega va 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatma bilan ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Volkswagen ID. Era 9X avtomobilining salon dizayni taqdim etilgani haqida yozgan edi.