Yangi Chevrolet Cobalt bilan test-drayv qanday o‘tdi

21-yanvar 2026 16:50 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangi Chevrolet Cobalt bilan test-drayv
Foto: Videodan ekran tasviri / Fototahrir: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan Chevrolet Cobalt ilk bor jiddiy texnik va ichki yangilanishlar bilan taqdim etildi. Bloger tomonidan o‘tkazilgan birinchi test-drayv avtomobilning yangilangan motor, uzatma, ABS tizimi va deyarli to‘liq qayta ishlangan salonini real sharoitda sinab ko‘rish imkonini berdi. Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Cobalt test sinovi orqali maqola tayyorladi.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Tashqi ko‘rinish

Salon

Modelning kamchiliklari

Motor va texnika

Tashqi ko‘rinish: o‘zgarish deyarli yo‘q

Foto: Videodan ekran tasviri

Yangi Cobalt tashqi dizayn jihatidan avvalgi modeldan deyarli farq qilmaydi. Midnight komplektatsiyasida qoramtir rangli old optika, qora disklar va o‘zgarishsiz kuzov saqlanib qolgan. Orqa chiroqlar dizayni biroz zamonaviylashtirilgan. Tashqi ko‘rinishda yangi uslub yoki dizayn inqilobi yo‘q, model avvalgidek amaliy proporsiyalarga tayangan.

Salon

Foto: Videodan ekran tasviri

Avtomobil ichki qismi tubdan yangilangan. Yangi multimedia displeyi asboblar paneliga juda muvaffaqiyatli integratsiya qilingan. Monitor tez ishlaydi, Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlanadi. Shu bilan birga, orqaga ko‘rish kamerasi yo‘qligi kamchilik sifatida qayd etildi.

Audiotizim Cobalt uchun kutilmagan darajada sifatli. Test paytida ovoz sifati Tracker va Onix modellarinikidan ham yuqori baholandi. Bu narx segmenti uchun juda noyob holat.

Bundan tashqari, avtomobil zavoddan kruiz-kontrol bilan chiqa boshlagan. Rulda audio boshqaruv tugmalari mavjud. O‘rindiqlar ekokojadan qilingan, chiroyli tikuvli va old o‘rindiqlarda isitish funksiyasi real ishlaydi.

Asboblar panelida yangi taxometr paydo bo‘lgan. Salon umumiy hissiyot bo‘yicha avvalgiga nisbatan ancha «premium» ko‘rinadi.

Kamchiliklar ham bor

Foto: Videodan ekran tasviri

Salon yangilangan bo‘lsa-da, ayrim muhim tugmalar yo‘q. Xususan, salon ichidan bagajnikni ochish tugmasi mavjud emas. Old va orqa o‘rindiqlar o‘rtasida markaziy qo‘ltiqtayoq ham zavoddan qo‘yilmagan.

Orqa o‘rindiqlarda qo‘ltiqtayoq yo‘q bo‘lsa-da, uning shakli tushirilgan dizayn mavjudligi mantiqsiz yechim sifatida baholandi.

Motor va texnika: asosiy yangiliklar

Foto: Videodan ekran tasviri

Yangi Cobalt 1,5 litrli, atmosferali, to‘rt silindrli L2B indeksli dvigatel bilan jihozlangan. Motor Euro-5 ekologik standartiga moslashtirilgan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, u tejamkorroq, ekologik va silliqroq ishlaydi.

Dvigatel gaz taqsimlash tizimi yangilangan. Uzatma va ABS tizimi ham qayta sozlangan. Test paytida avtomobil silliq tezlanishi va yumshoq tormozlanishi bilan ajralib turdi. Oldingi Cobalt’ga qaraganda agressivlik kamaygan, lekin harakat yanada ravon bo‘lgan.

Mexanik uzatma ancha tez va aniq ishlaydi. Avtomat uzatma esa yumshoqroq, biroq ayrim haydovchilar past tezlikda mayda silkinishni sezganini aytdi.

Yo‘lda qanday?

Foto: Videodan ekran tasviri

Harakat paytida avtomobil jimroq va silliqroq ketayotgani seziladi. Rul boshqaruvi avvalgidek ishonchli. Tormoz tizimi keskin emas, lekin yumshoq ishlaydi. Umumiy yurish qulayligi oshgan.

Yangi Chevrolet Cobalt tashqi tomondan deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, salon va texnik qismda sezilarli evolyutsiyani boshdan kechirgan. Zavoddan o‘rnatilgan kruiz-kontrol, sifatli audiotizim, yangi multimedia va yangilangan dvigatel modelning raqobatbardoshligini oshiradi.

ПЕРВЫЙ ТЕСТ ДРАЙВ НОВОГО ШЕВРОЛЕТ КОБАЛЬТА MIDNIGHT во ВСЕЛЕННОЙ ! ВСЕ ПРОБЕЛМЫ НОВОГО КОБОЛЬТА

Cobalt endi nafaqat ishonchli va arzon avtomobil, balki zamonaviy funksiyalarga ega «xalq mashinasi» sifatida qayta shakllanmoqda. Model eksport bozoriga ham yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.

Avvalroq yangi Matiz qanday imkoniyatlarga ega ekanligi haqida yozgan edik.

Shuningdek