Yaponiya sobiq bosh vazirining qotili umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Yaponiyaning Nara okrug sudi mamlakatning sobiq bosh vaziri Shinzo Abeni o‘ldirganlikda ayblangan Tetsuya Yamagamiga nisbatan uzil-kesil hukm chiqardi. 2022-yilda sodir etilgan va butun dunyoni larzaga solgan ushbu jinoyat ijrochisi umrbod ozodlikdan mahrum etildi.
45 yoshli Tetsuya Yamagami sud jarayonida o‘z aybini to‘liq tan oldi. Prokuratura ushbu suiqasdini mamlakatning urushdan keyingi tarixidagi misli ko‘rilmagan hodisa deb baholab, sudlanuvchiga eng og‘ir jazo tayinlashni talab qilgan edi.

O‘z navbatida, advokatlar o‘z himoyasidagi shaxsni diniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini ta’kidlab, unga reabilitatsiya uchun imkon berishni va jazo muddatini 20 yildan oshirmaslikni so‘rashgandi. Biroq sud prokuratura pozitsiyasini ma’qulladi. Hukm o‘qilish jarayoni jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan. Sud zalidagi 31 ta bo‘sh o‘rin uchun 700 nafar odam da’vogarlik qilgan va ishtirokchilar qur’a tashlash yo‘li bilan tanlab olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 8-iyul kuni 67 yoshli Shinzo Abe ko‘chada nutq so‘zlayotgan vaqtda qo‘lbola to‘pponchadan ikki marta o‘qqa tutilgan va shifoxonada vafot etgan edi. Yamagami o‘z qilmishini «Birlashish cherkovi»ga (Unification Church) bo‘lgan nafrati bilan izohlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi ushbu tashkilotga katta miqdorda xayriya qilib, oilani inqirozga yetaklagan. Qotil Abeni ushbu diniy tashkilot bilan aloqador va uning g‘oyalarini Yaponiyada targ‘ib qiluvchi shaxs deb bilgani uchun nishonga olganini aytgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sobiq Yaponiya bosh vazirining qotili aybini tan olgani haqida xabar bergan edi.