
2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida faollikning oshishi va hududiy dinamikalarning xilma-xilligi kuzatildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahliliga ko‘ra, 2025-yil davomida uy-joy sotish bo‘yicha 295 mingta bitim amalga oshirilgan, savdo ko‘rsatkichi 15 foizga ortgan.

Hududlar bo‘yicha eng katta o‘sish Buxoro (25,7%), Sirdaryo (23,3%) va Samarqand (19,7%) viloyatlarida kuzatildi. Toshkent shahrida esa, savdo hajmi 18,2 foizga o‘sib, 84 ming bitimni tashkil etdi.
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar dinamikasi
2025-yil yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 8 foizni tashkil etdi, 2024-yilda esa ushbu ko‘rsatkich 6,2% darajasida bo‘lgan edi.
Yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, ushbu hududlarda uy-joy narxining o‘rtacha yillik o‘sishi taxminan 17 foizni tashkil etdi.

Yil yakuniga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy uchun eng yuqori narxlar poytaxtda saqlanib qoldi. Shuningdek, nisbatan yuqori narxlar Samarqand viloyatida bir kvadrat metr uchun $834, Toshkent viloyatida esa bir kvadrat metr uchun $682 ni tashkil etdi.
Uy-joy uchun eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi bir kvadrat metr uchun $378. Shuningdek, nisbatan past narx darajasi Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati taxminan $454 ni tashkil etdi.
Toshkent shahridagi vaziyat
Toshkent shahrining ikkilamchi uy-joy bozorida o‘tgan yil davomida bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati biroz oshdi (+0,6%) va $1,1 mingdan ko‘proqni tashkil etdi. Shu bilan birga, narxlarning eng sezilarli pasayishi Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi va taxminan 5 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, poytaxtning ko‘chmas mulk birlamchi bozorida yil davomida narxlarning ancha sezilarli o‘sishi kuzatildi. Uy-joyning o‘rtacha qiymati 9 foizdan ko‘proqqa oshdi.
Toshkent shahrida eng yuqori narx o‘sishi Mirobod (18%), Yashnobod (14%) va Mirzo Ulug‘bek (13,5%) tumanlarida kuzatildi.
Toshkentda ijara narxlari
Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qoldi. Xususan, Shayxontohur, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun $11 darajasida qayd etildi.

Shu bilan birga, ijara stavkalarining o‘sish sur’ati Olmazor, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida sezilarliroq bo‘ldi, bu yerda yillik o‘rtacha o‘sish taxminan 11 foizni tashkil etdi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Eskrou tizimini joriy etish muddati kechiktirilayotgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, prezident farmoni bilan uy-joy qurilishi sohasini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Shu doirada Adliya vazirligi tomonidan «Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, hukumatga taqdim etilgan.