
Apple kompaniyasi joriy yil oxirida o‘zining raqamli yordamchisi Siri’ni tubdan yangilashni va uni kompaniyaning birinchi sun’iy intellekt chat-botiga aylantirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Manbalarning ta’kidlashicha, Campos nomi ostida ishlab chiqilayotgan yangi chatbot iPhone, iPad va Mac operatsion tizimlariga chuqur integratsiya qilinadi. U hozirgi Siri interfeysini to‘liq almashtiradi, biroq foydalanuvchilar uni odatdagi usulda ovozli buyruq yoki tugmani bosib ushlab turish orqali faollashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Yangi tizim imkoniyatlari bugungi versiyadan keskin farq qiladi. Agar hozirgi Siri oddiy savol-javob bilan cheklansa, yangilangan versiya xuddi ChatGPT yoki Google Gemini kabi erkin muloqot qila oladi, veb-qidiruvni amalga oshiradi, matn va rasmlar yaratadi hamda yuklangan fayllarni tahlil qiladi.
Loyiha texnik jihatdan Google texnologiyalariga tayanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple ushbu modellardan foydalanish uchun Google’ga yiliga taxminan $1 mlrd to‘laydi. Yangi chat-bot Google serverlarida ishlashi kutilmoqda, bu esa Apple siyosatida jiddiy o‘zgarish hisoblanadi.

Kompaniya yangi texnologiyani iyun oyida bo‘lib o‘tadigan WWDC konferensiyasida namoyish etishni va sentyabr oyida iOS 27 hamda macOS 27 tarkibida foydalanuvchilarga taqdim etishni rejalashtirgan. Ungacha esa, yaqin oylarda chiqadigan iOS 26.4 versiyasida Sirining kichikroq yangilanishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple sun’iy intellektni rivojlantirishda Google Gemini’dan foydalanishi haqida xabar bergan edi.