Yangiliklar

Chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish taqiqlanadi

2026-yil 1-fevraldan boshlab
Chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish taqiqlanadi / Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekiston hukumati yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qaror asosida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining axborot tizimi «Ma’muriy amaliyot» moduli mas’ul vazirlik va idoralarning tizimlariga integratsiya qilinadi.

2026-yil 1-fevraldan boshlab umumiy vazni 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, kon, shaxta va karyerlarda ishlatiladigan maxsus transportlar, yuridik shaxslar tasarrufidagi yo‘nalishsiz taksilar hamda «antiquar» avtomototransportlar uchun alohida davlat raqamli seriyali ro‘yxat joriy etiladi.

Foto: Sun’iy intellekt

Avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadi:

  1. Avtomototransport sotib olish-sotish shartnomasi;
  2. «Elektron online auksionlarni tashkil etish» AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;
  3. Davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan transport vositalari uchun beriladigan elektron hisob-ma’lumotlar;
  4. Avtomototransport vositasi mulkdorining shaxsiy ma’lumotlari.

Shuningdek, ishlab chiqarilganiga 50 yildan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi va ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi. Avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi ham bekor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida muddati 40 yildan oshgan 52 mingdan ortiq avtomobillar aniqlangan edi.