
General Motors haydovchining nigohi orqali avtomobilning yo‘lakni avtomatik almashtirish texnologiyasini patentladi. Bu haqda The Truth about cars ma’lum qildi.
Patent arizasi 1-yanvar kuni e’lon qilindi. Tizim salon ichiga yo‘naltirilgan kamera orqali haydovchining bosh va ko‘z harakatlarini kuzatadi. Tizim vizual ma’lumotlarni tahlil qilib, haydovchi haqiqatan yo‘lakni almashtirmoqchi yoki atrofga qaramoqchiligini aniqlaydi. Agar tashqi sensorlar bo‘sh joy borligini tasdiqlasa va algoritm haydovchining niyatini aniqlasa, avtomobil o‘z-o‘zidan yo‘lakni o‘zgartiradi.
Mazkur texnologiya mavjud hands-free haydash tizimlari bilan birgalikda ishlatilishi kutilmoqda. Bunga tashqi sensorlar – kameralar, radarlar, lidarlar, GPS – hamda haydovchining e’tiborini kuzatuvchi salon kameralarini qo‘llash kiradi.
Ekspertlar yangi texnologiyaning eng samarali qo‘llanilishi jismoniy imkoniyati cheklangan haydovchilar uchun bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Biroq, nigoh orqali boshqarish qanchalik qulay va xavfsiz bo‘lishi hozircha aniq emas
Eslatib o‘tamiz, avvalroq GM ayrim modellarga karta-kalit joriy qilishi haqida yozgan edik.