
O‘zbekistonda raqamli markirovkalash qoidalariga amal qilinishini masofaviy soliq tekshiruvlari orqali nazorat qilish rejalashtirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qulladi.
Qonun loyihasida «masofaviy soliq tekshiruvi» tushunchasi huquqiy jihatdan mustahkamlanib, tekshiruvlarni tadbirkor huzuriga bormagan holda, raqamli markirovkalash tizimi ma’lumotlari asosida o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Maqsad – sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va budjet daromadlari barqarorligini mustahkamlash.
Yangi tartibga ko‘ra, markirovkalash qoidalari buzilgani aniqlansa, soliq to‘lovchiga ikki marta rasmiy ogohlantirish beriladi. Agar shundan keyin ham qoidabuzarlik davom etsa, masofaviy tekshiruv o‘tkaziladi. Barcha jarayonlar soliq organlarining joyiga chiqishisiz, tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma’lum qilishicha, majburiy raqamli markirovka tizimi allaqachon sezilarli natija bermoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, markirovkalangan tovarlar aylanmasi 199 trln so‘mga yetib, 2024-yilga nisbatan 20 foizga oshgan. Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari bo‘yicha aksiz solig‘i tushumlari 5,6 trln so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, qoidabuzarliklar ham saqlanib qolmoqda. Yanvar oyining dastlabki 15 kunida minglab korxonalarda markirovka kodlari takrorlangan yoki umuman kodsiz mahsulot sotish holatlari aniqlangan.
Qonun loyihasi jarimalar tizimini ham qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Endilikda jarimalar qoidabuzarliklar soniga qarab, so‘nggi hisobot choragidagi sof tushumning 0,2 foizidan 2 foizigacha etib belgilanadi. Hozirda bu ko‘rsatkich yagona tarzda 2 foizni tashkil qiladi.
Deputatlar muhokama jarayonida jarimalarning mutanosibligi va tadbirkorlar uchun huquqiy kafolatlar masalasini ko‘tardi. Xususan, kichik xatolar bilan yirik qoidabuzarliklar bir xil baholanib qolmasligi uchun miqdoriy mezonlar joriy etish taklif qilindi.
Soliq qo‘mitasi vakillari esa ayrim qoidabuzarliklar nafaqat iqtisodiy zarar, balki inson salomatligi va hayotiga tahdid solishini ta’kidladi. Shu sababli qat’iy choralar zarurligi qayd etildi.
Ovoz berish yakuniga ko‘ra, qonun loyihasini 131 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, qarshi ovozlar bo‘lmadi. Hujjat ikkinchi o‘qishga qadar takomillashtiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning savdosi avtomatik tarzda cheklanishi haqida yozgandi.