Sport

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi mumkin

Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Turkiyaning «Rizespor» klubi himoyachisi Husniddin Aliqulov uzoq muddatga safdan chiqdi. Bu haqda klub matbuot xizmati rasmiy bayonot bilan chiqdi.

19-yanvar kuni Turkiya Superligasi doirasidagi «Gyoztepe» jamoasiga qarshi maydonga chiqdi. Aliqulov o‘yin davomida olgan zarbasi oqibatida chap tizzasidan shikastlanib, maydonni erta tark etishga majbur bo‘lgan.

Foto: Instagram / crizesporas

«Rizespor» sog‘liqni saqlash komissiyasi raisi, professor Hasan Turutning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan chuqur tibbiy tekshiruvlar futbolchida oldingi xochsimon bog‘lamning uzilishi, tizza kosachasining yarim chiqishi, tizza kosachasi bog‘lami shikastlanishi, ichki va tashqi menisklarda yirtilish, qon ketishi hamda kuchli shishlar mavjudligini aniqladi.

Vaziyatning og‘irligini inobatga olib, futbolchini zudlik bilan jarrohlik amaliyotiga yotqizish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Rasmiy xabarga ko‘ra, Husniddin Aliqulovning to‘liq tiklanib, maydonga qaytishi uchun 6 oydan 9 oygacha vaqt talab etiladi. Bu esa uning yozda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati bahslarida ishtirok etishini so‘roq ostida qoldirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abbosbek Fayzullayevning transfer narxi 1 mln yevroga pasaygani haqida xabar bergan edi.