
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida Amerika yetakchisi Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Tinchlik kengashi nizomini imzoladi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
Davosda «Tinchlik kengashi» ustavini imzolash marosimi bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan edi. Nizom loyihasiga ko‘ra, Tramp organning birinchi raisi bo‘ladi va yangi a’zolarni taklif qilish bo‘yicha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qiladi. Tashkilotning doimiy a’zosi maqomini olish uchun AQSh ma’muriyati davlatlardan birinchi yil davomida kamida $1 milliard miqdorida badal to‘lashni talab qiladi.
«Bloomberg»ning qayd etishicha, bunday moliyaviy sharoit ko‘plab jahon yetakchilarini hayratda qoldirdi va keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Dastlab kengash G‘azo sektorini tiklashni nazorat qilish uchun tashkil etilgan bo‘lsa-da, nizom matni BMTga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashabbusning kengroq va global ambitsiyalarini ko‘rsatadi. Ba’zi taklif qilingan tomonlar Tramp rais sifatida yangi tuzilma mablag‘lari ustidan yagona nazoratni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Donald Tramp kengashga Rossiya, Turkiya, Hindiston, Misr, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlarini taklif qilgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Avvalroq «Kursiv» har yili Shveysariyaning Davos shahrida o‘tkaziladigan Jahon iqtisodiy forumini 4 ta shahardan biriga ko‘chirish taklif qilingani haqida yozgandi.