
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 9,717 mln so‘mni tashkil etdi. Markaziy bank 22-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 09:26 holatiga oltin quymalarini sotish va sotib olish narxlarini e’lon qildi.
Xususan, 5 grammli oltin quymaning narxi 9,474 mln so‘mdan 9,717 mln so‘mga oshdi. Uni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but holatda 9,106 mln so‘mdan 9,340 mln so‘mga, talablarga mos kelmaydigan holatda 9,014 mln so‘mdan 9,245 mln so‘mga ko‘tarildi.
Quyida oltin quymalarining grammlariga nisbatan sotish va sotib olish narxlari keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish (qadog‘i but) | Qaytarib sotib olish (qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos emas) |
|---|---|---|---|
| 5 gramm | 9 717 000 so‘m | 9 340 000 so‘m | 9 245 000 so‘m |
| 10 gramm | 19 434 000 so‘m | 18 679 000 so‘m | 18 490 000 so‘m |
| 20 gramm | 38 868 000 so‘m | 37 358 000 so‘m | 36 981 000 so‘m |
| 50 gramm | 97 169 000 so‘m | 93 395 000 so‘m | 92 452 000 so‘m |
| 100 gramm | 194 338 000 so‘m | 186 791 000 so‘m | 184 904 000 so‘m |
Shu bilan birga, Markaziy bank xalqaro qimmatbaho metallar bozori konyunkturasidan kelib chiqib, narxlar kun davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Jahon bozorida 22-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 09:39 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $4 795 mingni tashkil etdi.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, bunga AQShning Grenlandiya bo‘yicha talablariga doir noaniqliklar va global siyosiy vaziyat sabab bo‘lib, investorlar xavfsiz aktivlarga murojaat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oltin quymalarini qanday sotib olish va nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida qo‘llanma e’lon qilingandi.