Yangiliklar

«O‘zparavtotrans»ning oddiy aksiyalari bo‘yicha savdolar vaqtincha to‘xtatildi

Savdo to‘xtashiga narxlar o‘sishi sabab bo‘lgan
Fond bozori: qaysi aksiyalar qimmatlashib, qaysilari arzonlashdi
«O‘zparavtotrans»ning oddiy aksiyalari bo‘yicha savdolar vaqtincha to‘xtatildi / Foto: depositphotos

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da «O‘zparavtotrans» AJning oddiy aksiyalari bilan savdolar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda birja rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 8-yanvardan 21-yanvargacha bo‘lgan davrda mazkur jamiyat aksiyalarining narxi 187,95 foizga oshgan. Qimmatli qog‘ozlar savdosi qoidalariga ko‘ra, birja ushbu o‘sishni tahlil qiladi. Shu sababli joriy yil 22-yanvardan boshlab oddiy aksiyalar bilan savdolar vaqtincha to‘xtatildi.

Kompaniyaning asosiy faoliyati yuk tashish bo‘yicha avtomobil transporti xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, AJ sifatida 1995-yil sentabrida ro‘yxatdan o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin «Toshkent» RFBda «O‘zsanoatqurilishbank» (SQB) ATB va «Ipoteka-bank» ATIBning oddiy aksiyalari bilan ham savdolar vaqtincha to‘xtatilgandi.

Bunga ham 6-yanvardan 19-yanvargacha bo‘lgan davrda savdo maydonchasida SQBning oddiy aksiyalari narxi 146,28 foizga, «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari esa 132,38 foizga oshgani sabab bo‘lgan.