Pokistonda sodir bo‘lgan yong‘in qurbonlari soni 50 kishiga yetdi

Pokistonning Karachi shahrida joylashgan savdo markazida yuz bergan yong‘in qurbonlari soni 50 nafarga yetdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
21-yanvar kuni yong‘in o‘chirish xizmati xodimlari savdo markazining qulagan qoldiqlaridan 25 kishining jasadini topdi. Bu bilan halok bo‘lganlar soni taxminan 50 kishiga yetdi. Yong‘in shanba kechasi boshlanib, markazning 1,2 mingdan ortiq do‘konlarini qamrab olgan.
Qutqaruv xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, jami 84 kishi yo‘qolgan. Politsiya xabariga ko‘ra, yo‘qolganlarning aksariyati halok bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda, shuning uchun qurbonlar soni yanada oshishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2012-yilda ham Karachi shahridagi sanoat obyektida kuchli yong‘in sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtdagi yong‘in 260 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyaning janubida ikki poyezd ishtirokida sodir bo‘lgan temiryo‘l halokati oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘lgan edi.