Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaga yetib bordi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Shveysariyaning Syurix shahriga yetib keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Syurix xalqaro aeroportida Mirziyoyevni Birlashgan savdo-sanoat palatasi rahbari Dorit Probst kutib oldi.

Tashrif doirasida 22-yanvar kuni Davos shahrida prezident AQSh davlat yetakchisi Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimida ishtirok etishi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Mirziyoyev nomiga Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etishga qaratilgan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif yuborilgan edi. O‘zbekiston esa ushbu xalqaro tuzilma faoliyatiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklifini qabul qildi.
Mirziyoyev AQSh prezidentiga yo‘llagan maktubida mazkur tashabbusni Yaqin Sharqda uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan mojarolarni bartaraf etish, shuningdek, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Toshkent shahrida toʻxtagan Italiya Respublikasi bosh vaziri bilan uchrashuv oʻtkazgani haqida xabar bergan edik.