
Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida davom etayotgan va umumiy sovrin jamg‘armasi 1,2 mln dollardan ortiq bo‘lgan Tata Steel Chess–2026 turnirining 5-tur bahslari yakunlandi.
O‘zbekistonlik grossmeysterlar Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov navbatdagi muhim ochkolarni qo‘lga kiritib, turnir jadvalining yuqori pog‘onalariga ko‘tarildi. Masters guruhidagi 5-tur o‘yinlari o‘zbek shaxmati muxlislari uchun muvaffaqiyatli kechdi. Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov oq donalarda harakat qilib, dunyoning eng yosh to‘rtinchi grossmeysteri 14 yoshli turkiyalik Yag‘iz Kaan Erdog‘mus ustidan ishonchli g‘alaba qozondi.

Ushbu natija evaziga Sindorov o‘z ochkolarini 3,5 taga yetkazib, turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov esa qora donalarda musobaqa peshqadami, AQSh vakili Hans Niemann bilan kuch sinashdi. Keskin kurashlarga boy o‘tgan partiya durang bilan yakunlandi. Natijada Abdusattorov ham 3,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra kuchli uchlikni yakunlab turibdi.
Musobaqa jadvalidagi vaziyat quyidagicha. Hozirda 3,5 ochko to‘plagan Hans Niemann qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga peshqadamlikni saqlab turibdi. Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov uni ta’qib qilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Javohir avvalgi turlarda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju va niderlandiyalik Anish Giri bilan durang o‘ynagan, 4-turda esa germaniyalik raqibini mag‘lub etgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nodirbek Abdusattorov Tata Steel Chess turnirida prinsipial raqibini mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.