
Toshkent viloyatida joylashgan qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona 2025-yil sentabr oyidan buyon gaz ta’minotidagi uzilishlar sabab faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ya olmayapti. Bu haqda 21-yanvar kuni o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Cherry-Pick Production kompaniyasi vakili Jamshid Yo‘ldoshevning aytishicha, korxona meva-sabzavot mahsulotlari uchun zamonaviy qadoqlash ishlab chiqarish loyihasiga jalb qilingan. Qurilish ishlari yakunlangan, bino va uskunalar tayyor holatda bo‘lsa-da, gaz ta’minotidagi muammolar tufayli ishlab chiqarish boshlanmagan.
Masala muhokamasi davomida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadinovga vaziyatni zudlik bilan o‘rganish va korxonaga amaliy yordam ko‘rsatishni topshirdi. U qadoqlash ishlab chiqaruvchilariga gaz berishga rasmiy taqiq yo‘qligini ta’kidlab, masalaga yuzaki yondashuvga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.
Energetika vazirligi vakillari «Hududgazta’minot» tomonidan gaz asosan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarga yetkazib berilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda muammoni hal etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov gaz ta’minotida muammoga duch kelayotgan 33 ta korxona ro‘yxatini hukumat komissiyasiga kiritib, ularga gaz yetkazib berishni tiklash taklifini ilgari surdi.
Ma’lumot uchun, Cherry-Pick Production 2018-yilda Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, kichik biznes subyekti hisoblanadi. Korxona zamonaviy qadoqlash ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali eksportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni rejalashtirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sovuq ob-havo sabab metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilgani haqida yozgandi.