Yangiliklar

Tramp Grenlandiya sababli Yevropa davlatlariga boj kiritish fikridan qaytdi

AQSh prezidenti Arktika mintaqasi bo‘yicha muhim kelishuvga erishdi
Foto: Al Jazeera

AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa davlatlariga nisbatan yangi savdo bojlarini joriy etmaslikka qaror qildi. Bu haqda Davosdagi iqtisodiy forum doirasida NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilindi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Tramp va Ryutte o‘rtasida Grenlandiya va butun Arktika mintaqasi bo‘yicha kelajakdagi kelishuv shartlari shakllantirilgan. AQSh rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv Qo‘shma Shtatlar va Shimoliy Alyans (NATO) a’zolari uchun katta ijobiy o‘zgarish bo‘ladi.

«Agar ushbu qaror amalga oshsa, bu Amerika Qo‘shma Shtatlari va barcha NATO mamlakatlari uchun katta plyus bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, men 1-fevraldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan tariflarni joriy qilmayman», – deya ta’kidladi Donald Tramp.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy ma’muriyati Yevropa tovarlariga nisbatan qattiq bojlar qo‘llashni rejalashtirayotgan edi. Hozircha tomonlar Grenlandiya bo‘yicha kelishuvning aniq tafsilotlarini ochiqlaganicha yo‘q.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa AQShga qarshi 93 milliard dollarlik «javob zarbasi»ni tayyorlayotgani haqida xabar bergan edi.