
AQSh prezidenti Donald Trampning oilasi 2025-yilda kriptovalyutadan taxminan $1,4 milliard daromad olgan. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ularning umumiy boyligi $6,8 milliardga baholanmoqda. Jurnalistlarning fikriga ko‘ra, kripto loyihalari qurol ishlab chiqarish, noyob yer metallari, sun’iy intellekt va prognozlash platformalari kabi yangi biznes sohalari qatoridan joy olgan. Biroq hisobotda aytilishicha, boylik o‘sishining asosiy omili kriptovalyutalar bo‘ldi.
Bloomberg Tramp oilasi tokenlar, shuningdek, kripto sanoati bilan bog‘liq davlat va xususiy kompaniyalar orqali pul ishlashini ta’kidladi.
Jurnalistlar uchta asosiy loyihani keltirgan. Birinchisi World Liberty Financial – bu Tramp va uning o‘g‘illari tomonidan asos solingan kripto platformasi. Token savdosi taxminan $390 million yig‘di. Avgust oyida oila Alt5 Sigma bilan tuzilgan bitim orqali qo‘shimcha $500 million yig‘di.
Ikinchisi OFFICIAL TRUMP mem tangasi inauguratsiyadan oldin chiqarilgan va oilaning ulushi hamda unga bog‘liq daromad taxminan $280 millionga baholanmoqda. Uchinchisi esa American Bitcoin – Hut 8 bilan hamkorlikda yaratilgan konchilik biznesi. Trampning o‘g‘li Erik Tramp aksiyalar eng yuqori cho‘qqisidan 82 foizga pasayganiga qaramay, $114 millionlik ulushga egalik qiladi.
Kriptovalyuta foydasining oshishiga qaramay umumiy miqdor Trump Media & Technology Group ijtimoiy tarmog‘i qiymatining pasayishi bilan qoplanadi. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, biznesni moliya, kriptovalyutalar va yaqinda yadro energetikasiga diversifikatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarga qaramay, uning aksiyalari so‘nggi 12 oy ichida 66 foizga pasaydi.
Oila taxminan $3,8 milliardlik mulkiy tokenlarga ham egalik qiladi, ammo ular hozirda bloklangani sababli Bloomberg hisob-kitoblariga kiritilmagan. $1 miqdoridagi stablecoin ham daromad keltiradi va nashr biznesning qiymati $300 milliondan oshishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Kriptovalyutalardan tashqari, boshqa daromad manbalari qatorida ko‘chmas mulk va 2026-yil boshiga kelib taxminan $2 milliard investitsiya jalb qilgan va turli startaplarga $800 milliondan ortiq mablag‘ sarmoya kiritgan 1789 Capital venchur fondi ham bor.
Avvalroq «Kursiv» Trampning tahdidi ortidan oltin va kumush narxlari oshgani haqida yozgandi.