
Xitoyning Lynk & Co brendiga mansub Lynk & Co 08 plagin-gibrid krossoveri to‘liq elektr rejimida 293 kilometr masofani bosib o‘tib, Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda 32cars.ru nashri xabar berdi.
Model elektr zaryadda eng uzoq yo‘l bosgan seriyali PHEV krossover sifatida e’tirof etildi.
Sinov 2025-yil 22-dekabr kuni Meksikadagi Centro Dinamico Pegaso poligonida o‘tkazildi. Harakat real ekspluatatsiyaga yaqin sharoitda amalga oshirilgan: professional haydovchi avtomobilni 6 soatdan ortiq vaqt davomida o‘rtacha 50 – 60 km/soat tezlikda boshqargan. Natija xolis bo‘lishi uchun ma’lumotlarni mustaqil mutaxassislar qayd etgan, muhandislar esa avtomobilning texnik holatini testdan oldin va keyin tekshirgan.
Erishilgan ko‘rsatkich ishlab chiqaruvchi tomonidan e’lon qilingan 200 km WLTP elektr zaxirasidan ancha yuqori bo‘ldi. Lynk & Co vakillarining ta’kidlashicha, shaharda kuniga 30 – 50 km masofani bosib o‘tadigan haydovchilar uchun bu zaxira avtomobilni bir haftadan ortiq faqat elektr rejimida ishlatish imkonini beradi.
Lynk & Co 08 CMA platformasi asosida yaratilgan bo‘lib, 1,5 litrli turbomotor (137 ot kuchi), 208 ot kuchiga ega elektromotor va 39,6 kVt·soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Umumiy yurish masofasi WLTP standarti bo‘yicha 1000 km dan ortiq deb ko‘rsatilgan. DC tezkor quvvatlash orqali batareyani 10 foizdan 80 foizgacha atigi 33 daqiqada to‘ldirish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ford Maverick 2026-yilning eng yaxshi ixcham pikapi deb topilgani haqida yozgandi.