Yangiliklar

Xorazmda «Qonun doirasida» xodimlari tuhmat va tovlamachilikda ayblanib hibsga olindi

oav
Furqat Ro‘zmetov va Azamat Avezov
Foto: Qonun doirasida Telegram kanali

Xorazm viloyatidagi «Qonun doirasida» loyihasi asoschisi 45 yoshli yurist Furqat Ro‘zmetov va uning xodimi, 33 yoshli yurist Azamat Avezov hibsga olindi. Ular tuhmat, tovlamachilik va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda. Bu haqda viloyat IIB Urganch bo‘limi xabar berdi.

Tergov bo‘limi bir qator fuqarolarning ko‘rsatmalari asosida tergovgacha tekshiruv o‘tkazmoqda. Hibsga olinganlar Jinoyat kodeksining bir nechta moddalariga binoan javobgarlikka tortilmoqda: tuhmat, uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan tovlamachilik va firibgarlik, ekinzor va o‘simliklarga zarar yetkazish, hujjatlarni qalbakilashtirish, o‘zboshimchalik va yolg‘on axborot tarqatish.

Tergov jarayonida boshqa shaxslar ham ishtirok etayotgani ma’lum, ammo ularning shaxsi va soni hozircha ochiqlanmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Taftish.uz faoliyati bo‘yicha yangi tergov tafsilotlari ochiqlangani haqida yozgandi.