
Chempionlar ligasining guruh bosqichi doirasida «Barselona» safarda Chexiyaning «Slaviya» klubi mehmoni bo‘ldi. Uchrashuvda kataloniyaliklar 2:4 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuv kutilmagan ssenariy ostida boshlandi. 10-daqiqada mezbonlar hujumchisi Vasil Kushey yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qilib, «Slaviya»ni oldinga olib chiqdi. Biroq «Barselona» tezda o‘ziga keldi. 34-daqiqada Fermin Lopes hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, oradan 8 daqiqa o‘tib, u o‘zining ikkinchi goli dubl bilan jamoasini oldinga olib chiqdi.
Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida Robert Levandovski kutilmaganda to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi va jamoalar tanaffusga 2:2 hisobi bilan chiqib ketishdi. Ikkinchi bo‘limda Xansi Flik o‘yinni kuchaytirishga qaror qildi. Zaxiradan maydonga tushgan Dani Olmo va angliyalik hujumchi Markus Reshford o‘yin taqdirini hal qilishdi.
63-daqiqada Olmo jarima maydoni tashqarisidan ajoyib zarba yo‘llab, hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. 70-daqiqada esa Reshfordning uzatmasidan so‘ng Robert Levandovski o‘z xatosini to‘g‘irlab, raqib darvozasiga to‘rtinchi golni kiritdi.

Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng «Slaviya» musobaqani muddatidan oldin tark etdi. «Barselona» esa turnir jadvalida 9-o‘ringa ko‘tarildi. Kuchli sakkizlikka kirish va pley-offga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish uchun jamoa kelasi chorshanba kuni o‘z uyida «Kopengagen»ni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Barselona» finalda «Real»ni mag‘lub etib, Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.