12 ta korxona ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi

eʼlon qilindi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan
Долг за вывоз мусора узбекистанцев вырос до 9,3 млрд сумов
Foto: Sirdaryo viloyati

Raqobat qo‘mitasi tomonidan 12 ta korxona ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, bozordagi asosiy ishtirokchilarning faoliyati maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish, shuningdek, temir yo‘l liniyalarini foydalanishga berish xizmatlari bo‘yicha o‘rganildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘zlariga biriktirilgan hududlarda ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.

Xususan, Toshkent viloyatida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bo‘yicha «Zangiota Obodon» MChJ, «Rahnamo Servis» MChJ hamda «Angren Bunyod Fayz» MChJ ushbu maqomga ega bo‘ldi. Farg‘ona viloyatida mazkur xizmatlar bo‘yicha «Maxsus Garant Avto Servis» MChJ va «Vodiy Maxsus Sanitar Trans» MChJ ustun muzokara kuchiga ega deb topildi.

Surxondaryo viloyatida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bo‘yicha «Surxondaryo viloyati Toza Hudud» DM, «Bio Texno Eko» MChJ, «Bio-Tex-Eko» MChJning Sariosiyo va Uzun filiallari, «Qiziriq-Invest» MChJ hamda «Sale Kingdom» MChJ ro‘yxatga kiritildi.

Temir yo‘l liniyasini foydalanishga berish xizmatlari bo‘yicha «Petromaruz Uzbekistan» MChJ ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi. Sirdaryo viloyatida esa ushbu yo‘nalishda «Ulug‘bek Yangiyer Qurilish» MChJ mazkur maqomga ega bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasiga ko‘ra, ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi bitim shartlari, tovarlar sotiladigan hudud yoki narxlarga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lsa, bunday holat ustun muzokara kuchi sifatida e’tirof etiladi.

23-yanvar holatiga ko‘ra, ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etilgan korxonalar to‘liq ro‘yxati Raqobat qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan chiqindi xizmatidan qarzdor abonentlar ogohlantirish olgani haqida yozgandi.

Shuningdek