
Prezident maslahatchisi va sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning Tinchlik kengashiga qo‘shilishining sabablarini va undan kutayotgan manfaatlarini izohladi.
Komilovning so‘zlariga ko‘ra, kengashning asosiy maqsadi Yaqin Sharqda davom etayotgan inqirozlarni hal qilish va mintaqada tinchlikni ta’minlashdir. O‘zbekiston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashni qaror qildi, chunki Yaqin Sharqdagi tinchlikni saqlash, ayniqsa, uning xavfsizligini ta’minlash uchun bunday xalqaro hamkorlik zarur. O‘zbekistonning bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashining yana bir sababi, uning tashqi siyosatining asosiy tamoyillariga, ya’ni tinchlik va barqarorlikka intilishiga to‘liq mos kelishi hamda mintaqada O‘zbekistonning jiddiy manfaatlarining mavjudligida.
Komilov, shuningdek, bir necha yil avval O‘zbekistondan Yaqin Sharqqa jo‘nab ketgan, so‘ngrahar xil guruhlarga qo‘shilib, yana O‘zbekistonga qaytib kelgan odamlar muammosi haqida gapirdi.
«Qaytarib olib kelgandan keyin, ijtimoiy yangi hayotga kiritish uchun sharoitlar yaratib berildi. Mana shunday mehribonlik Birlashgan Millatlar Tashkilotining rahbariyati tomonidan juda yuqori baholandi va ularning gapiga qaraganda, prezidentimizning siyosati butun dunyoda namuna bo‘lishi mumkin. Mana shuning uchun biz aytishimiz mumkin, O‘zbekistonning ana shu mintaqada boshqa davlatlar bilan manfaatlari bor va bu manfaatdorlik yana shundan iboratki, avvalambor, o‘zimizning xavfsizligimizni ta’minlash», – dedi prezident maslahatchisi.
Yaqin Sharqdagi beqarorlikning Markaziy Osiyoga ta’siri haqida gapirarkan, Komilov, Afg‘onistonda urush boshlanishidan oldin, u yerda hech qanday ekstremist guruhlar bo‘lmaganini, ular asosan Yaqin Sharqdan kelganini ta’kidladi. U Yaqin Sharqdagi muammoni hal qilishning oson ish emasligini va xalqaro hamjamiyatning birlashishi zarurligini ta’kidladi.
«Nafaqat AQSh, arab davlatlari, musulmon davlatlari, Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilishi kerak. Har bitta qadamni o‘ylab qilib, tinchlik o‘rnatilsa, barqarorlik o‘rnatilsa, bu birinchi, juda muhim qadam bo‘ladi. Biz xalqaro hamjamiyat bilan o‘zimizning hamkorligimizni davom etamiz», – dedi Abdulaziz Komilov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tinchlik kengashi nizomini imzolagani haqida xabar berilgandi. Nizom loyihasiga ko‘ra, Tramp organning birinchi raisi bo‘ladi va yangi a’zolarni taklif qilish bo‘yicha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qiladi.
