Amazon kelasi hafta yana minglab xodimlarini ishdan bo‘shatadi — Reuters

eʼlon qilindi
Kompaniya korporativ xodimlarining qariyb 10 foizini qisqartiradi
Foto: KTVU

Amazon kompaniyasi kelasi hafta xodimlarni ommaviy qisqartirishning navbatdagi bosqichini boshlashni rejalashtirmoqda. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, jarayon 27-yanvardan boshlanishi mumkin va minglab ofis xodimlarini qamrab oladi.

Oktabr oyida kompaniya allaqachon 14 mingga yaqin ofis xodimlarini ishdan bo‘shatgan edi. Kelgusi hafta kutilayotgan qisqartirishlar hajmi ham shunga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy zarba Amazon Web Services (AWS), chakana savdo, Prime Video va inson resurslari (HR) bo‘limlariga tushishi aytilmoqda.

Kompaniya bosh direktori Endi Jessi avvalroq tahlilchilar bilan suhbatda ushbu qisqartirishlar to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy qiyinchiliklar yoki sun’iy intellekt joriy etilishi bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy sabab — bu «madaniyat» va haddan tashqari byurokratiya.

«Sizda avvalgiga qaraganda ko‘proq odamlar va boshqaruv qatlamlari paydo bo‘ladi, bu esa jarayonlarni sekinlashtiradi», – degan edi rahbar.

Shunga qaramay, 2025-yil boshida Jessi SI samaradorligi tufayli korporativ shtat qisqarishi mumkinligini inkor etmagan edi. Kompaniya ayni paytda kod yozish va muntazam vazifalarni avtomatlashtirish uchun SI agentlaridan faol foydalanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon OpenAI’ga 10 milliard dollar sarmoya kiritishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek