Bir hafta ichida 4,7 million aholi ro‘yxatdan o‘tkazildi

O‘zbekistondagi jami 7 million 613 ming xonadondan 4 million 776 ming nafari aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etdi. Bu haqda prezident boshchiligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri, Farg‘ona, Surxondaryo, Buxoro hamda Toshkent viloyatlarida ro‘yxatga olish ishlari sekin ketayotgani qayd etildi. Davlat rahbarining aytishicha, bu tadbir so‘nggi 37 yil ichida ilk bor o‘tkazilmoqda va uning ahamiyati juda katta.
Prezident ro‘yxatga olish jarayoni har bir mahalla va har bir oilaning real holatini aniqlash, kelgusidagi ijtimoiy-iqtisodiy rejalarni aniq ma’lumotlarga tayangan holda belgilash imkonini berishini ta’kidladi. Eng asosiysi, bu aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari barcha yurtdoshlarni ro‘yxatga olish tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda 1 million aholi doimiy ish bilan ta’minlanishi kutilayotgani haqida yozgandi.