Sport

FIFA va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar tobora rivojlanmoqda — Janni Infantino

Foto: O‘FA

FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekiston xalqiga videomurojaat yo‘llab, so‘nggi yillarda mamlakatda futbol sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Infantino o‘z murojaatida 2016-yilda FIFA prezidenti lavozimiga kelganidan beri O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurganini eslab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir tashrif mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va modernizatsiya yo‘lidan dadil borayotganini tasdiqlamoqda.

«O‘zbekiston 1994-yilda FIFAga a’zo bo‘lganidan beri futbol tizimi strategik rejalashtirish va infratuzilmaga sarmoya kiritish orqali sezilarli darajada kuchaydi», — dedi FIFA rahbari.

Foto: O‘FA

U, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyevning sportga qaratayotgan e’tiborini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2024-yilgi Parij Olimpiadasidagi ishtiroki yoshlar salohiyatining yorqin namunasi sifatida qayd etildi. Yaqinda o‘tkazilgan Futzal bo‘yicha Jahon chempionati tarixiy voqea deb baholandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda FIFA turniriga mezbonlik qilgan ilk davlat bo‘ldi. Infantino 2025-yil sentabr oyida ko‘zdan kechirgan Olimpiya shaharchasi O‘zbekistonning yangi musobaqalarni qabul qilishga tayyorligini ko‘rsatishini aytdi.

Foto: O‘FA

«O‘zbekiston Ozarbayjon bilan birgalikda 2027-yilda U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bu ikki konfederatsiya hamkorligida o‘tkaziladigan ilk turnirdir»

Shuningdek, Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanida futbol akademiyasini tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Yakunda Janni Infantino «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlanishi u uchun katta sharaf ekanini va O‘zbekiston FIFA uchun ishonchli strategik hamkor bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2027-yilgi FIFA «U-20» Jahon chempionati O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.