Banklar va moliya

Jahon banki Markaziy Osiyoda yagona elektr energiyasi bozorini yaratish uchun 1 mlrd dollar ajratadi

Dastur 10 yil davom etadi
Energetikadagi texnologik buzilishlar 10 kun ichida tekshiruvdan o‘tkaziladi
Jahon banki Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini yaratish uchun 1 mlrd dollar ajratadi / Foto: Depositphotos

Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini yaratish uchun $1 mlrd ajratiladi. Jahon banki «Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlari integratsiyasi» (REMIT) dasturini tasdiqladi. Dastur 10 yil davom etadi va mintaqada birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratishga qaratilgan.

Dasturning birinchi bosqichida energiya tizimlarining integratsiyasi va savdoni rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining «Energiya» muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markaziga umumiy qiymati $143,2 millionlik grantlar va imtiyozli kreditlar ajratiladi. Mablag‘larning $140 millioni Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) resurslaridan va $3,2 millioni Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi (CAWEP) grantlari ko‘rinishida ajratiladi.

REMIT dasturi, 2050-yilga borib, energiya integratsiyasi va elektr savdosini rivojlantirish orqali mintaqaga iqtisodiy foyda keltirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Dastur, shuningdek, toza energiya quvvatlarini integratsiya qilish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini yaratadi.

«Bu transchegaraviy toza energiya almashinuvi orqali yanada samarali foydalanish, energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish, aholi va biznes uchun elektr energiyasini arzonlashtirish, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. 2050-yilga kelib, kengroq energiya integratsiyasi va elektr savdosini rivojlantirish mintaqaga 15 milliard dollargacha iqtisodiy foyda keltirishi mumkin», – deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin.

REMIT dasturini moliyalashtirishning umumiy taxminiy hajmi $1 milliardni tashkil etadi va uni uch bosqichda amalga oshirishni nazarda tutadi. Ushbu mablag‘lar Markaziy Osiyoda mintaqaviy elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish va ishga tushirish, mintaqaviy elektr energiyasini uzatish infratuzilmasini mustahkamlash, energiya tarmoqlarining ishonchliligini oshirish uchun raqamli tizimlarni joriy etish, shuningdek, energetika sohasida mintaqaviy institutlar va muvofiqlashtirishni kuchaytirishga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yili O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 84,8 mlrd kVt/soatni tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish 3,2 mlrd kVt/soatga ko‘paygan. Shunga qaramay, yirik energetika korxonalarida ishlab chiqarish pasayishda davom etdi.