Yangiliklar

Maqsadim ilmiy fantastikani ilmiy faktga aylantirish — Ilon Mask

Milliarder sun’iy intellekt kelajagi haqida gapirdi
Foto: Blic

Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida ishtirok etib, insoniyat sivilizatsiyasi, energetika muammolari va sun’iy intellekt istiqbollari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Forum davomida so‘zga chiqqan Mask o‘z kompaniyalarining umumiy maqsadi sivilizatsiya uchun buyuk kelajakni ta’minlash va inson ongi hamda qamrovini Yer hududidan tashqariga kengaytirish ekanini ma’lum qildi.

Mask
Foto: Ted Talks

Tadbirkor global energetika masalasiga ham to‘xtalib, AQSh va Yevropa davlatlarini yirik hajmdagi quyosh energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Xitoy ushbu sohada ishlab chiqarish quvvatlari bo‘yicha yaqqol yetakchilik qilmoqda va G‘arb davlatlari bu borada ortda qolmasligi kerak.

Shuningdek, Ilon Mask sun’iy intellekt mavzusida ham o‘z xavotirlari va umidlarini bayon qildi. U SI texnologiyalaridan foydalanishda ehtiyotkorlik zarurligini eslatib o‘tdi, biroq yakunda ushbu texnologiya butun insoniyatga foyda olib kelishiga ishonch bildirdi.

O‘zining bugungi darajaga yetishiga nima turtki bo‘lgani haqidagi savolga Mask o‘zini hazilomuz tarzda «botanik» deb atadi. U bolaligida ko‘plab ilmiy-fantastik kitoblarni o‘qigani va aynan shu adabiyotlar uni «ilmiy fantastikani ilmiy haqiqatga aylantirish» g‘oyasi sari yetaklaganini aytdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Maskning boyligi rekord darajadagi 749 milliard dollarga yetgani haqida xabar bergan edi.