Yangiliklar

Microsoft Notepad va Paint’ga yangi sun’iy intellekt funksiyalari qo‘shildi

Markdown belgilarini qo‘llab-quvvatlash ham kengaytirildi
Microsoft Notepad va Paint’ga yangi sun’iy intellekt funksiyalari qo‘shildi / Foto: Windows Lates

Microsoft kompaniyasi Windows Insider dasturi ishtirokchilari uchun Notepad va Paint ilovalari bo‘yicha yangi sinov yangilanishlarini joriy etdi. Bu haqda The Verge ma’lum qildi.

Yangi Notepad versiyasida Markdown belgilarini qo‘llab-quvvatlash kengaytirildi. Endi foydalanuvchilar o‘tkazilgan matn va ichma-ich ro‘yxatlarni yaratishi mumkin. Shuningdek, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan natijalarni ko‘rish funksiyasi qo‘shildi. Bu foydalanuvchilarga javobni to‘liq kutmasdan matn natijalarini tezkor ko‘rish imkonini beradi.

Foto: Microsoft

Paint ilovasida yangi Coloring book (Rasmlarni bo‘yash) vositasi taqdim etildi. Ushbu vosita foydalanuvchilarga matnli so‘rovlar asosida noyob bo‘yoqli rasmlar yaratish imkonini beradi. Bundan tashqari, rang bilan to‘ldirishni aniqroq sozlash uchun surishli panel qo‘shilgan.

Foydalanuvchilar yangi sun’iy intellekt funksiyasidan Paint ilovasidagi Copilot menyusidan Coloring book opsiyasini tanlab foydalanishlari mumkin. Keyin ular tasvirlanishi kerak bo‘lgan obyektni matn orqali ifodalaydi, masalan, «ponchik ustida yoqimli mo‘yli mushukcha». Paint esa tanlash uchun to‘rtta variant yaratadi va foydalanuvchilar ushbu variantlarni kanvasga qo‘shishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple Siri’ni to‘liq chat-botga aylantirishi haqida yozgan edik.