
Davosdagi xalqaro tadbirlar doirasida Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi. Suhbatda bank bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston YTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori boʻlib qolmoqda, bankning mamlakatimizga yoʻnaltirilgan investitsiyalari hajmi qariyb $7 mlrdga yetgan. 2025-yilda, jumladan, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mablagʻlar hajmi $1 mlrddan oshgan.
YTTBning «yashil» energiya, transport infratuzilmasi, ekologiya, moliya bozori islohotlari va tadbirkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi yuqori baholandi.
Joriy yil uchun xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temir yoʻl transportini raqamli transformatsiya qilish, shuningdek, ayollar va yoshlarni zamonaviy kasblar hamda biznesga oʻqitish dasturlarini davom ettirish ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.


Shundan so‘ng Mirziyoyev Davosdagi Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimi va qator uchrashuvlardagi ishtirokini yakunlab, Syurix orqali Toshkentga jo‘nab ketdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston, Ozarbayjon va Vengriya rahbari uchrashgani haqida xabar bergan edik.